Oilaviy va maishiy zo‘ravonlikning oldini olish, jabrlanganlarni himoya qilish va takroriy huquqbuzarliklarga qarshi samarali choralar ko‘rish huquqiy, kriminologik va amaliy yondashuvlarning uyg‘unligini talab etadi. Shu yo‘nalishlardagi milliy va xorijiy tajriba, zamonaviy mexanizmlar hamda raqamli texnologiyalar imkoniyatlari Huquqni muhofaza qilish akademiyasida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada muhokama qilindi.
Konferensiya Akademiya amalga oshirayotgan oilaviy va maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan innovatsion dasturiy ta’minot va platformani yaratish loyihasi doirasida tashkil etildi. Tadbirning maqsadi – zo‘ravonlikning oldini olish, jabrlanganlarni himoya qilish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishning zamonaviy huquqiy hamda amaliy mexanizmlarini milliy va xorijiy tajriba va raqamli texnologiyalar asosida ishlab chiqish.
Ishtirokchilar jinoyat-huquqiy siyosatni, oilaviy va maishiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish va kvalifikatsiyalash amaliyotini tahlil qildilar. Shuningdek, kriminologik baholash va viktimologik profilaktikaning zamonaviy metodologiyasi, jabrlanganlarni himoya qilish hamda aholining, ayniqsa xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish mexanizmlari muhokama qilindi. Himoya choralari ijrosini raqamli nazorat qilish va prokuror nazoratini kuchaytirish imkoniyatlariga ham e’tibor qaratildi.
Konferensiyada Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, Toshkent davlat yuridik universiteti, Odil sudlov akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Bojxona instituti hamda Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti mutaxassislari qatnashdi. Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Nijegorod akademiyasi va Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti olimlari onlayn ishtirok etdilar.
Dasturdan yetakchi olimlar va amaliyotchilar ma’ruzalari hamda Akademiya doktorantlarining tadqiqotlariga bag‘ishlangan yosh olimlar sessiyasi o‘rin oldi. 30 dan ortiq ma’ruza rejalashtirilgan konferensiyada raqamli dalillarni to‘plash, zo‘ravonlik takrorlanish xavfini baholash, sun’iy intellektdan foydalanishning huquqiy va axloqiy chegaralari, elektron murojaatlar maxfiyligi, elektron reyestrlar va idoralararo elektron hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Muhokamalar doirasida loyiha bo‘yicha ishlab chiqilayotgan «TAYANCH» raqamli platformasining ilmiy-huquqiy asoslari va texnik topshirig‘i olimlar hamda amaliyotchilar ishtirokida ko‘rib chiqildi. Konferensiyada bildirilgan takliflar texnik topshiriqni takomillashtirish, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti yuzasidan ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqishda umumlashtiriladi. Jabrlanganlar haqidagi ma’lumotlar daxlsizligi va sun’iy intellektdan foydalanishning huquqiy chegaralari bo‘yicha yondashuvlarni aniqlashtirish ham ko‘zda tutilgan.
Keyingi bosqichlarda platformani amaliyotga joriy etishga tayyorlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida elektron hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish va xodimlar uchun raqamli vositalardan foydalanish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma tadqiqotlarni davom ettirish va yosh olimlarning ilmiy natijalarini amaliyotga tatbiq etish ham belgilangan.