Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot mahkamasi departamenti boshlig‘i N. Wigan boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Uchrashuvda Akademiyaning tuzilmasi va faoliyat yo‘nalishlari, prokuratura va tergov organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimi haqida ma’lumot berildi. Tomonlar amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar va hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Delegatsiya a’zolari yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik uchun minnatdorlik bildirib, qo‘shma loyihalarni yuqori baholadilar.
Tashrif doirasida delegatsiya vakillari Akademiyada tashkil etilayotgan «Moliyaviy izlardan suddagi dalillargacha: jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq ishlarni tergov qilish va isbotlash» mavzusidagi mintaqaviy simulyatsion o‘quv treningi bilan tanishdilar. Trening Buyuk Britaniyaning moliyaviy ko‘magida BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
Tashrif yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirish va qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.