Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Markaziy Osiyo davlatlarining huquqni muhofaza qiluvchi organlari va ixtisoslashgan ta’lim muassasalari bilan kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda. Qo‘shma ta’lim tashabbuslari, tajriba almashinuvi va xalqaro ekspertlar ishtirokidagi amaliy mashg‘ulotlar ushbu ishning o‘zaro bog‘liq yo‘nalishlaridir. Akademiyada o‘tkazilgan uch kunlik mintaqaviy trening ham shu hamkorlik doirasida tashkil etildi.
BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda, Buyuk Britaniya moliyaviy ko‘magida o‘tkazilgan trening “Moliyaviy izlardan suddagi dalillargacha: jinoiy daromadlarni, shu jumladan virtual aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalarni legallashtirishni tergov qilish va isbotlash” mavzusiga bag‘ishlandi.
Unda Akademiya rahbariyati, Buyuk Britaniyaning Toshkent va Dushanbe shaharlaridagi elchixonalari, BMT vakillari, xalqaro ekspertlar hamda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston huquqni muhofaza qiluvchi organlari mutaxassislari ishtirok etdi.
Uch kun davomida ishtirokchilar parallel moliyaviy tergov o‘tkazish, xalqaro pul o‘tkazmalari va kriptovalyuta operatsiyalarini tahlil qilish, moliyaviy razvedka ma’lumotlaridan foydalanish, jinoiy aktivlarni aniqlash va qaytarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdilar. Trening dasturi o‘nlab mavzuli mashg‘ulot va amaliy kazuslarni qamrab oldi.
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot mahkamasi departamenti boshlig‘i N. Wigan boshchiligidagi delegatsiya trening jarayoni bilan tanishib, ishtirokchilar bilan muloqot qildi. Muloqot davomida delegatsiya rahbari tadbirning mintaqaviy darajada o‘tkazilgani va unda xorijiy ekspertlar ishtirok etganini e’tirof etib, sohadagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr bildirdi.