Jizzax viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashabbusi bilan viloyat hokimligi, prokuraturasi va Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan «Xavfsiz mahalla bilimdoni» intellektual tanlovining final bosqichi o‘tkazildi. Unda tuman bosqichlarida birinchi o‘rinni egallagan 13 ta jamoa ishtirok etdi.
Tanlov viloyatning 304 ta mahallasida faoliyat yuritayotgan «mahalla yettiligi» a’zolarining xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasining tashkiliy-huquqiy asoslariga oid bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratildi. Birinchi bosqichda 304 ta mahalla jamoasi tuman miqyosida bellashdi. Jamoalar mahalla raislari, profilaktika inspektorlari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari, soliq inspektorlari va ijtimoiy xodimlardan shakllantirildi.
Tanlov savollari va topshiriqlari Akademiyaning Jizzax viloyati mahallalarida olib borgan o‘rganishlari hamda ishlab chiqqan ilmiy tavsiyalari asosida tuzildi. Ular mahallaning kriminogen portreti, konfliktologiya va nizolarni hal etish taktikasi, stress-menejment, nostandart vaziyatlarda ruhiy barqarorlik, kiber gigiyena va kiber tahdidlardan himoyalanish, kiberbulling, oilaviy zo‘ravonlik, korrupsiyaning oldini olish mexanizmlari va halollik madaniyati kabi mavzularni qamrab oldi.
Mantiqiy va vaziyatli savollar, keyslar orqali ishtirokchilarning huquqiy madaniyati, deviant xulq-atvor psixologiyasini tushunishi, nizolarni barvaqt hal etishi va jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalari baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Arnasoy tumanidagi «Bobur» mahallasi jamoasi birinchi, Jizzax shahridagi «Turon» mahallasi jamoasi ikkinchi, Sharof Rashidov tumanidagi «Qahramon» mahallasi jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi. Tanlov nizomiga muvofiq, g‘olib jamoalar tashkilotchilarning diplomlari va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.