O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi huzuridagi DSc.24/2026.31.01.Yu.01.02 raqamli Ilmiy kengash yig‘ilishida Akademiya tayanch doktoranti Yumatov Bogdan Olegovichning 12.00.12 – «Korrupsiya muammolari (yuridik fanlar)» ixtisosligi bo‘yicha yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi monitoringning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish» mavzusidagi dissertatsiyasi himoyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadqiqot korrupsiyaga qarshi monitoringning milliy tizimini shakllantirishga bag‘ishlangan. Dissertatsiyada uning tashkiliy-huquqiy va institutsional asoslari, korrupsiyani baholashning amaldagi mexanizmlari tahlil qilingan, shuningdek, uning holatini tizimli o‘lchash va korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligini baholash zarurati asoslab berilgan.
Amaliy natijalar qatorida korrupsiyaga qarshi monitoring milliy tizimini bosqichma-bosqich shakllantirish va joriy etish modeli, O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi monitoring to‘g‘risida»gi Qonuni loyihasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari loyihalari hamda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar mavjud. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ma’lumotlarni to‘plash, integratsiya qilish va tahlil etish uchun yagona elektron platforma yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.