O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti vakili EXHT Kotibiyati tashabbusi bilan Ostona shahrida tashkil etilgan «Transchegaraviy kiberjinoyatlarni tergov qilishda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash» mavzusidagi mintaqaviy seminarda ishtirok etdi.
Seminar transchegaraviy kiberjinoyatlarni tergov qilishda yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash, ularni hal etish yo‘llarini muhokama qilish va mintaqa davlatlari hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning sohaviy vakolatli organlari mutaxassislari qatnashdi. Amaliy mashg‘ulotlarda kiberjinoyatlarni tergov qilish usullari, elektron dalillarni to‘plash va ulardan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, Estoniya va Qozog‘iston tajribasi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining kiber tahdidlarga qarshi kurashishdagi hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.