Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan amalga oshirilayotgan «MDH davlatlari uchun kriminalistika sohasida malaka oshirish» dasturi doirasida jinoyat ishlarni tergov qilish jarayoniga innovatsion texnologiyalarni joriy etilishi bo'yicha bir qator tadbirlar tashkil etildi.
Xususan, 2019 yil 21 fevral kuni Bosh prokuratura Akademiyasida «Raqamli dalillarni to'plashda samaradorlikni oshirish maqsadida raqamli tergov tizimini tadbiq qilish» mavzusida seminar o'tkazildi.
Tadbirda Bosh prokuratura, Dalat bojxona qo'mitasi, IIV huzuridagi tergov departamenti, Oliy sud, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, X.Sulaymanova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi, IIV Ekspert-kriminalistika markazi, IIV Akademiyasi, DXX instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari hamda Bosh prokuratura Akademiyasi professor-o'qituvchilari va tinglovchilar qatnashishdi.
Tadbirda Koreya Respublikasi Oliy prokuraturasi Ekspert-kriminalistika Departamenti boshlig'i Cho Nam Kvan boshchiligidagi raqamli tergov tadqiqot instituti mutaxassislari va ekspertlaridan iborat koreya delegatsiyasi ishtirok etdi.
Seminar O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Birinchi o'rinbosari E.Tadjiev va Koreya Respublikasining O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yong U ning kirish so'zi bilan boshlandi.
Seminar tergov organlari faoliyatiga raqamli kriminalistika, raqamli va mobil tergov tizimini tadbiq qilish masalalari va Koreya Respublikasining sohadagi tajribasini o'rganishga qaratilgan.
Koreya delegatsiyasi jinoyatlarni tergov qilish davomida qo'llaniladigan raqamli texnologiya imkoniyatlarini namoyish qilib, jinoyatlarni fosh etishga yordam beruvchi raqamli isbotlarni olish va ulardan foydalanish jarayoni bilan tanishtirib o'tdi.
Bundan tashqari, 22 fevral kuni jinoyatlarni tergov qilish davomida raqamli manbadan ma'lumotlarni olish, yo'q qilingan dalillarni tiklash va tekshirishga yordam beruvchi ilg'or texnologiyalarni qo'llash tartibini o'rgatuvchi seminar-treningi o'tkazildi.
Seminarda Toshkent shahar prokuraturasi organlari tergovchilari, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Toshkent shahar boshqarmasi surishtiruvchilari, Chilonzor tumani IIO FMBning tergovchi va surishtiruvchilari ishtirok etishdi.
Seminar davomida koreya delegatsiyasi Chilonzor tumanida jamoat xavfsizligini ta'minlash va huquqbuzarliklar profilaktikasida amalga oshirilayotgan ishlar, shu jumladan AKTdan keng foydalanilgan holda olib borilaetgan tadbirlar, shuningdek Bosh prokuratura Akademiyasining Jinoyatlarni sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish va o'rganish markazi faoliyati bilan tanishtirildi.
O'tkazilgan tadbirlar natijalariga ko'ra, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini tashkil qilishda ilg'or texnologiyalarni tadbiq qilinishi bo'yicha bir qator takliflar ishlab chiqildi.