O'zbek tili – ko'p millatli O'zbekiston xalqining mustaqilligi, milliy jipsligi, madaniy me'rosi va o'zini anglashining ramzidir.
Mustaqil O'zbekiston tarixida birinchi marta O'zbekiston Respublikasining 2020 yil 10 apreldagi “O'zbek tili bayrami kunini belgilash to'g'risida”gi Qonuni bilan 21 oktyabr o'zbek tili kuni sifatida belgilandi. Bosh prokuratura Akademiyasida ushbu sanaga atalgan tantanali tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Akademiyaning rahbariyati va professor-o'qituvchilari, magistratura tinglovchilari hamda taklif etilgan tilshunos olimlar ishtirok etishdi.
Tadbir Akademiya rahbariyatining tabrik so'zi bilan ochilib, mustaqillik va davlatchilikni mustahkamlashda, avlodlarning ma'naviy va madaniy rivojlanishda ona tilining o'rni va ahamiyatini, uning roli hamda mavqeini qonuniy ravishda mustahkamlash choralarini ko'rish muhimligi qayd etildi.
Taklif etilganlar, xususan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti prorektori A.SH.Sobirov va O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti chet tillarini o'qitishning innovatsion usullarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi ilmiy xodimi M.T.Iriskulovlar tomonidan o'zbek tilining boy madaniy me'rosi, buyuk ajdodlar ijodi va jahon adabiyoti hamda she'riyatining tan olingan durdonalari dunyoning ko'plab tillariga tarjima qilingani alohida ta'kidlandi.
Shu bilan birga, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisining BMTning global sammitida o'zbek tilida nutq qilganliklari tarixiy ahamiyati ta'kidlab o'tildi.
Magistratura tinglovchilari tomonidan o'zbek tiliga atalgan she'rlar o'qib berildi.
Tadbir yakunida “Yuridik sohada davlat tilining o'rni va ahamiyati” mavzusida esselar tanlovi g'oliblariga diplom va esdalik sovg'alari topshirildi.