2020 yil 19 fevral` kuni Bosh prokuratura Akademiyasi Kengashining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi.
Majlisda Akademiya tarkibiy tarmoqlarining joriy yil yanvar` oyidagi faoliyati yakuni ko'rib chiqildi, shuningdek prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning zamonaviy tizimini yaratish bo'yicha Bosh prokuratura Hay'ati yig'ilishida belgilangan vazifalarni to'laqonli amalga oshirishni ta'minlash bo'yicha birlamchi choralar muhokama qilindi.
Ilm-fan, ta'lim va amaliyotning o'zaro aloqasini ta'minlash Akademiya faoliyatini tashkil etishning asosi va prokuratura organlari xodimlarining kasbiy ko'nikmalari va kompetentsiyalarini takomillashtirishning muhim omili ekanligi ta'kidlandi.
Akademiya ilmiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida “12.00.03-Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq” ixtisosligi bo'yicha oliy ta'limdan keyingi ta'lim institutini ochish borasida aniq vazifalar belgilandi, “12.00.12. – Korruptsiya muammolari” ixtisosligi bo'yicha malaka imtihoni savollari tasdiqlandi.
Akademiya professor-o'qituvchilari tomonidan tayyorlangan “Fuqarolik sud ishlarini yuritishning o'ziga xos xususiyatlari”, “O'zbekiston Respublikasida mulk huquqini amalga oshirish va himoya qilish mexanizmlari”, “Fuqarolar qabulida muloqot madaniyati qoidalariga rioya etish shartlari” mavzusidagi monografiya va ilmiy-amaliy qo'llanmalar ham Kengash a'zolari tomonidan ko'rib chiqildi.
Shuningdek, kun tartibidagi boshqa masalalar bo'yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.