Bosh prokuratura Akademiyasida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tuman (shahar) bo'limlari boshliqlari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan bir qator choralar joriy etilganligi munosabati bilan mazkur kurslar Akademiyaning «ProAcademy» elektron axborot-ta'lim portali bazasida masofaviy ta'lim shaklida amalga oshirilmoqda.
Mazkur kurslarga Departamentning barcha tuman (shahar) bo'limlari boshliqlarini to'liq qamrab olinishini ta'minlash maqsadida tinglovchilar to'rtta maqsadli guruhlarga bo'lindi.
O'quv kurslari dasturi jinoiy sxemalar va korruptsion qilmishlarni aniqlashda tizimli tahlil, surishtiruv va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, byudjet mablag'larini
talon-taroj qilish, soliq va valyuta sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish masalalarini qamrab olgan.
Dastur tinglovchilarning qayta aloqa mexanizmlari orqali aniqlangan ehtiyojlarini inobatga olgan holda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashishni tashkil etishning dolzarb masalalari bo'yicha ishlab chiqilgan bo'lib, bu kursning amaliy ahamiyatini yanada oshiradi.
Kursni o'tkazishni lozim darajada tashkil etish maqsadida tinglovchilarga ishdan ajralmagan holda kursni o'tash tartibi, amaliy topshiriqlarni bajarish qoidalari tanishtirilib, ularning Akademiya professor-o'qituvchilari bilan doimiy aloqada bo'lish imkoniyatlarini ta'minlash choralari ko'rildi.