Bosh prokuratura rahbariyatining topshirig'iga asosan 2020 yilning 3-4 mart kunlari Bosh prokuratura Akademiyasida Tijorat banklarining ichki nazorat xizmati xodimlari ishtirokida “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg'in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishning miliy tizimini o'zaro baholashning masalalari” mavzusida qisqa muddatli malaka oshirish kursi tashkil etildi.
Kurs dasturi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishning milliy tizimiga oid ustuvor masalalarini o'z ichiga olgan.
O'quv va amaliy mashg'ulotlar davomida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish xavfini milliy baholash, operativ tahlil, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bog'liq shubhali faoliyatni tahlil qilishning asosiy
masalalari ko'rib chiqildi.
Preventiv chora sifatida tijorat banklarida ichki nazorat xizmati faoliyatini amalga oshirishning muhim jihatlariga alohida e'tibor qaratildi.
O'quv mashg'ulotlari Akademiya professor-o'qituvchilari, shuningdek Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti va Markaziy bank vakillari tomonidan o'tkazildi.
O'quv mashg'ulotlari interaktiv shaklda o'tkazilib, tinglovchilar o'z faoliyatlari bilan bog'liq dolzarb masala va muammolarni muhokama qilish hamda ularning yechimiga oid o'zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo'lishdi.
Kurs yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.