Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan 2018 yildan boshlab tizimli asosda prokuratura organlari xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashning barcha yo'nalishlari bo'yicha elektron (masofaviy) ta'lim joriy etilgan.
Amaldagi masofaviy ta'lim dasturining imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek koronavirusning tarqalishi va u bilan bog'liq karantin chora-tadbirlari joriy etilganligini inobatga olgan holda, Akademiya “O'zbektelekom” AKning texnik ko'magi yordamida magistratura tinglovchilarini masofaviy sinxron o'qitishni ta'minlash maqsadida TAS-IX tarmog'ida videokonferentsaloqa platformasi qo'shimcha ravishda sinov tartibida ishga tushirildi.
Mazkur platforma Internet tarmog'ida real vaqt rejimida ta'lim jarayonini to'laqonli tashkil etish uchun zarur bo'lgan qator imkoniyatlarni o'zida mujassam etgan.
Xususan, Akademiya professor-o'qituvchilari tomonidan real vaqt rejimida o'quv mashg'ulotlar o'tkazilib, magistrlik dissertatsiyalari doirasida tinglovchilar tomonidan ilmiy tadqiqotlarni olib borish holati muhokama qilinmoqda.
Fursatdan foydalanib, Bosh prokuratura Akademiyasi “O'zbektelekom” AK rahbariyatiga magistraturada o'quv jarayonini uzluksiz o'tkazilishini ta'minlash maqsadida ko'rsatgan texnik ko'magi uchun minnatdorchilik bildiradi.