Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga kirish imtihonlarining yakuniy bosqichi

Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga kirish imtihonlarining yakuniy bosqichi

2020 yil 21-23 sentyabr kunlari Bosh prokuratura Akademiyasida magistraturaga kirish imtihonlarining chet tili bo'yicha test sinovi va huquqiy mavzuda esse bosqichlaridan muvaffaqiyatli o'tgan nomzodlar bilan suhbat bo'lib o'tmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga qabul qilish va o'qitishni tashkil etish tartibi to'g'risidagi nizomga muvofiq, esse uchun belgilangan maksimal ballning 56 foizi va undan ortiq ball to'plagan nomzodlar suhbatga kiritildi.

Kirish imtihonini o'tkazishda xolislik, ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash maqsadida suhbat bo'yicha komissiya faoliyatiga turli ta'lim muassasalari, jamoat tashkilotlari va boshqa idoralar vakillari kuzatuvchilar va mutaxassislar sifatida jalb etilgan.

Imtihon biletlari avtomatik tarzda elektron generatsiya qilinib, suhbat o'tkazish jarayoni kirish imtihonlarining oldingi bosqichlari singari to'liq videotasvirga olinmoqda va Bosh prokuratura Akademiyasining Feysbukdagi rasmiy sahifasi orqali onlayn tarzda namoyish etilmoqda.

Suhbat savollari, shuningdek bo'lib o'tgan kirish imtihonlari natijalari Bosh prokuratura Akademiyasining rasmiy veb-saytida e'lon qilingan.

Eslatib o'tamiz, 2019 yildan boshlab Akademiyada  “Prokurorlik faoliyati”, “Tergov faoliyati” va “Korrupsiyaga qarshi kurashish” mutaxassisliklari bo'yicha magistr kadrlarni tayyorlash amalga 
oshirilmoqda.

Magistraturaga tanlov “Yurisprudentsiya” yo'nalishi bo'yicha oliy yuridik ma'lumotga ega bo'lgan shaxslar, shu jumladan prokuratura organlari xodimlari orasida o'tkaziladi.

2020/2021 o'quv yili uchun jami 30 ta qabul kvotasi tasdiqlangan, Akademiya magistraturasida tahsil olish uchun 300 nafardan ziyod nomzod hujjat topshirgan, ularning 70 nafari yakuniy 
bosqichga o'tgan.