Butun jahonda har yili 9 dekabr Xalqaro korruptsiyaga qarshi kurashish kuni nishonlanishi munosabati bilan Bosh prokuratura Akademiyasida turkum tadbirlarga start berildi.
Jumladan, 9 dekabrda Akademiyaning Ochiq eshiklar kuni o'tkazilib, unda BMTning Taraqqiyot dasturi ekspertlari, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Davlat bojxona qo'mitasining Bojxona instituti, shuningdek Jahon bankining “Oliy ta'lim muassasalarini modernizatsiya qilish” loyihasi vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar O'zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro standartlar va ilg'or xorijiy tajribaning implementatsiya qilinishi, oliy ta'lim va kapital qurilish sohalarida amalga oshirilayotgan “Korruptsiyasiz soha” loyihalari yuzasidan tasdiqlangan “Yo'l xarita”larining mazmuni va ularning ijrosi bilan tanishtirildi.
Shuningdek, Akademiya Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta'lim markazining korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida prokuror-tergov xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish borasidagi faoliyati haqida ma'lumot berildi.
Ochiq eshiklar kuni dasturi doirasida Akademiyaning “Korrupsiyaga qarshi kurashish” yo'nalishi magistratura tinglovchilari tomonidan manfaatlar to'qnashuvi va korruptsiyaga oid boshqa huquqbuzarlik masalalari bo'yicha tayyorlangan qisqa muddatli videoroliklar namoyishi va muhokamasi bo'lib o'tdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar korrupsiyaga qarshi kurash haftaligi doirasida Akademiya tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish mavzularida o'tkazilishi rejalashtirilgan maxsus tadbirlar haqida ma'lum qilindi.