Bosh prokuratura Akademiyasi Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag'ishlangan turkum tadbirlar doirasida davlat organlari va muassasalarida mavzuga doir turli forumlar, konferentsiyalar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarning o'tkazilishida ekspert ko'magini ko'rsatmoqda.
Jumladan, Korruptsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta'lim markazi prokurori “Korrupsiya milliy xavfsizlikka tahdid” mavzusidagi yoshlar forumida mavzuga doir taqdimot o'tkazdi. Tadbir DBQ Bojxona institutida O'zbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorligida Bojxona instituti, IIV Akademiyasi va Milliy gvardiyaning Harbiy-texnik instituti kursantlari va professor-o'qituvchilar ishtirokida tashkil etildi.
Markaz vakili forum doirasida ushbu ta'lim muassasalari kursantlari o'rtasida o'tkazilgan “eng yaxshi taqdimot va chiqish”, “eng yaxshi videorolik” va “eng yaxshi banner” nominatsiyalaridagi korrupsiyaga qarshi kurashish tanlovida hakam a'zosi sifatida ishtirok etdi va ushbu tanlov yakunlari bo'yicha g'oliblarni taqdirlash tadbiri o'tkazildi.
Bundan tashqari, Markaz xodimlari Oliy attestatsiya komissiyasi, Vestminster universiteti, Ichki ishlar organlari xodimlarini boshlang'ich tayyorlash va malakasini oshirish markazi, Moliya vazirligi huzuridagi O'quv markazi, Sud`yalar oliy kengashi xuzuridagi Sud`yalar oliy maktabi, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va boshqa muassasalarda shunga o'xshash tadbirlar o'tkazilishida ishtirok etishdi.
Shu bilan bir qatorda, Markaz boshlig'i “O'zbekiston 24” telekanalidagi “Islohotlar samarasi” tok-shousining navbatdagi sonida jonli efirda “O'zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurash” mavzusida chiqish qildi.
Mazkur yo'nalishdagi tadbirlar davom etmoqda.