2019 yilning 10-11 dekabr kunlari Parij shahrida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining bosh qarorgohida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari global tarmog'ining uchinchi uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Tadbirda 50 dan ortiq davlat va 15 dan ortiq xalqaro tashkilotlardan 110 dan ortiq mutaxassislar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi.
Tadbirda transmilliy pora olish jinoyatlarini tergov qilishda yangi texnologiyalardan foydalanish, xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar va sport sohasidagi korrupsiyaga qarshi kurashish borasida AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya, Avstraliya, Vengriya hamda xalqaro tashkilotlarning ijobiy tajribalari bilan o'rtoqlashildi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda informatsion texnologiyalardan foydalanish, kriptovalyuta vositasida sodir etilgan jinoyatlarni ta'qib qilish borasida amaliyotdagi muammolar to'g'risida taqdimotlar amalga oshirildi.
G'arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha norasmiy tarmog'i (ARIN-WCA) Kotibiyati sifatida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tomonidan tarmoq faoliyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusida mo'ljallangan strategik rejalar haqida ma'lumot taqdim etildi.
Uchrashuv ishchan va informativ tarzda o'tkazilib, ishtirokchilar Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha global tarmoq faoliyatini rivojlantirishda mustaxkam hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.