Joriy yilning 20 dekabr kuni Xalqaro xususiy huquq bo'yicha Gaaga konferentsiyasi Bosh kotibi Kristof Bernaskoni Bosh prokuratura Akademiyasiga tashrif buyurdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar Gaaga konferentsiyasining tarixi, uning xalqaro xususiy huquq ustuvorligini taminlashga qo'shgan hissasi, globallashuv davrida davlatlar, xalqlar, shaxslarning turli manfaatlarini hisobga olgan holda oilani, bolani himoya qilish uchun huquqiy vositalarni joriy etish, odil sudlovga erkin murojat qilishni ta'minlaydigan xalqaro tashkilot sifatida uning vakolati va faoliyatining ahamiyati o'sib borayotganligi muhokama qilindi.
Yig'ilish yakunlari bo'yicha ishtirokchilar Gaaga konventsiyalari va ularni amalga oshirishning eng yaxshi amaliyotlarini tahlil qilishga qaratilgan ilmiy aloqalarni jadallashtirish, ularni ratifikatsiya qilishga ko'maklashuvchi tahliliy materiallar tayyorlash, stajirovka va qo'shma tadbirlarni tashkil etish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasida hamfikr ekanliklarini bildirdilar.
K.Bernaskoni O'zbekistonda bo'lib o'tadigan parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uning uchun katta sharaf ekanligini ta'kidlagan holda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, saylov uchastkalarida ishni tashkil etish jarayoniga yuqori baho berdi.