2019 yil 30 avgust kuni Bosh prokuratura Akademiyasida 2019/2020 o'quv yili uchun magistraturaga o'qishga qabul qilishni tashkil etish bo'yicha qabul komissiyasining O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o'rinbosari E.T.Yuldashev raisligidagi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Yig'ilish davomida yaqinda O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro'yxatidan o'tgan O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga qabul qilish va o'qitishni tashkil etish tartibi to'g'risidagi Nizomga muvofiq Akademiya tarixidagi ilk marotaba magistraturaga qabulni yuqori darajada tashkil etish va o'tkazish masalalari ko'rib chiqildi.
Magistraturaga qabulni o'tkazishda xolislik, ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash chora-tadbirlariga yig'ilish davomida alohida e'tibor qaratildi. Xususan, yozma imtihon Xalqaro biznes markazi binosida tashkil etildi, yozma imtihonni o'tkazishga, imtihon javoblarini tekshirishga, maxsus komissiya va suhbat bo'yicha komissiya faoliyatiga turli ta'lim muassasalari, jamoat tashkilotlari va boshqa idoralar vakillari kuzatuvchilar va mutaxassislar sifatida jalb qilindi.
Chet tili bo'yicha test savollarini tuzish, imtihonni o'tkazish va javoblarini baholash Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Imtihon biletlari avtomatik tarzda elektron generatsiya qilinadi, har bir nomzodga identifikatsion raqam beriladi va imtihon javoblari to'liq shifrlanadi.
Imtihonni olish, uning javoblarini tekshirish va suhbat jarayoni to'liq videotasvirga olinadi va Bosh prokuratura Akademiyasining Feysbukdagi rasmiy sahifasi orqali onlayn tarzda namoyish etiladi (www.facebook.com/ProsecutorAcademy).
Esse mavzulari, biletlar, suhbat savollari, shuningdek abiturientlar ro'yxati va ularning imtihonga kirish vaqtlari Bosh prokuratura Akademiyasining rasmiy veb-saytida e'lon qilindi (http://proacademy.uz/uz/posts/0187).
O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga qabul qilish va o'qitishni tashkil etish tartibi to'g'risidagi Nizomning 61-bandiga ko'ra, 5.5 ball va undan yuqori darajadagi IELTS sertifikatlarini taqdim etgan abiturientlar chet tili bo'yicha imtihonda ishtirok etmasdan ularga bu imtihon uchun maksimal ball (50) beriladi.
Akademiya qabul komissiyasi faoliyati davom etmoqda, abiturientlar uchun Akademiya binosida konsultatsiyalar o'tkazilmoqda.