Korrupsiyaga qarshi tadbirlar monitoringi borasida Koreya tajribasi

Korrupsiyaga qarshi tadbirlar monitoringi borasida Koreya tajribasi

2019 yil 2-5 sentyabr kunlari Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasining Ekspert guruhi va uning tarkibida bo'lgan Bosh prokuratura Akademiyasining Korruptsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta'lim markazi xodimi Koreya Respublikasiga qilingan o'quv safarida ishtirok etdi.

Tadbir korruptsiyaga qarshi tashabbuslarni baholash tajribasi bilan tanishish maqsadida BMT Taraqqiyot dasturining Seul markazi va Koreya Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlarini ta'minlash bo'yicha komissiyasi (ACRC) hamkorligida tashkil etildi.

Safar davomida korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha idoraviy chora-tadbirlar va tashabbuslarni yillik baholash, davlat xizmatchilari va fuqarolar o'rtasida so'rovlar o'tkazish, korruptsiyaga qarshi reytinglarni e'lon qilish borasida ACRC amalga oshirayotgan faoliyat yuzasidan uch kunlik seminar bo'lib o'tdi.

Xususan, seminar davomida 2002 yildan buyon Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha komissiya tomonidan amalga oshirib kelinayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha davlat organlarining chora-tadbirlari miqdor va sifat ko'rsatkichlarini baholash borasidagi tajribasi o'rganildi. Bugungi kunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng qo'llanilishi natijasida 700 dan ortiq barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlari baholab kelinmoqda.

O'quv safari davomida olingan bilim va tajriba O'zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish monitoringini o'tkazish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.