2019 yil 17-18 sentyabr kunlari O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tomonidan Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Odam savdosiga qarshi kurashish: oldini olish, ko'maklashish, ta'qib etish, hamkorlik” mavzusida trening tashkil etildi.
Tadbirda mazkur sohada nazorat faoliyatini amalga oshirayotgan Toshkent shahri, viloyatlar prokuraturalari va ularga tenglashtirilgan prokuraturalar xodimlari ishtirok etdilar.
Ma'ruzachi hamda ekspertlar sifatida treningda Belarus Respublikasi IIV davlatlararo odam savdosiga qarshi kurashish bo'limi boshlig'i V.Olyushkevich, Adjar Avtonom Respublikasi prokuraturasi IIV organlarida tergov ustidan protsessual boshqaruv bo'limi prokurori I.Dondoladze (Gruziya), O'zbekiston Respublikasi Inson huquqlari milliy markazi direktori birinchi o'rinbosari M.Tillabaev, Xalqaro migratsiya tashkilotining O'zbekistondagi vakili S.Tashbaev va boshqalar qatnashdilar.
Tadbir davomida migratsiya bilan bog'liq global va mahalliy xavflar, odam savdosiga qarshi kurashishga oid xalqaro-huquqiy va milliy normativ hujjatlar, odam savdosi qurbonlarining shaxsini aniqlash va qaytarish masalalari muhokama qilindi, shuningdek Belarus` Respublikasi va Gruziyaning odam savdosi bilan shug'ullanuvchi shaxslarni jinoiy ta'qib qilish va mazkur jinoyatlar qurbonlarini himoya qilishga oid tajribasi va amaliyoti ko'rib chiqildi.
Trening interfaol uslubda o'tkazilgani ishtirokchilarga odam savdosiga qarshi kurashish amaliyotiga oid samarali tajriba almashish hamda mazkur yo'nalishda hamkorlik istiqbollarini belgilab olish uchun zamin yaratdi.