Prokuratura organlarida jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish

Prokuratura organlarida jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish

Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan tashkil etilgan “Prokuratura organlarida murojaatlar bilan ishlash faoliyati samaradorligini oshirish” mavzusida viloyat prokuraturalari va ularga 
tenglashtirilgan prokuraturalar, shuningdek Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining murojaatlar bilan ishlash tarmoqlari xodimlari uchun tashkil etilgan o'quv kursi nihoyasiga yetdi.

Mazkur o'quv kursi tinglovchilarda fuqarolarni qabul qilish va murojaatlarni ko'rib chiqish jarayonini samarali tashkil etish ko'nikmalarini rivojlantirish, shuningdek sohaga oid qonunchilikdagi o'zgarishlar va huquqiy islohotlar borasidagi bilimlarini takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan.

O'quv mashg'ulotlariga Akademiya professor-o'qituvchilari bilan bir qatorda Bosh prokuraturaning tegishli tarkibiy tarmoqlari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari, Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko'rib chiqish qabulxonalari, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi huzuridagi Biznes va boshqaruv Respublika Oliy maktabi kabi tashkilotlarning xodimlari ekspert sifatida jalb etildi.

Kurs dasturi qonunlar ijrosi ustidan nazorat yo'nalishida kelib tushayotgan murojaatlar tahlili, jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatida murojaatlar bilan ishlash holatini o'rganish, sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash yo'nalishida kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlashning o'ziga xos xususiyatlarini ko'rib chiqish hamda sohaga oid boshqa dolzarb masalalarni qamrab oldi.

O'quv kursi doirasida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasida, Adliya vazirligida, Toshkent shahri va Uchtepa tumani hokimliklarida, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida, Davlat xizmatlari agentligining Toshkent shahar boshqarmasida va Mirobod tumani bo'limida sayyor o'quv mashg'ulotlari tashkil etildi.

Kurs tinglovchilari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko'rib chiqishga doir faoliyatni tahlil qilish hamda bu borada mavjud tizimli kamchilik va muammolarni bartaraf etish bo'yicha aniq takliflardan iborat taqdimot ishlari tayyorlandi.

Tinglovchilar tomonidan mazkur o'quv kursi davomida o'zlashtirilgan bilim va amaliy ko'nikmalar prokuratura organlarida murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda mazkur yo'nalishda idoralararo hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishi e'tirof etildi.