15-23 sentyabr kunlari Bosh prokuratura Akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillaridan iborat o'zbek delegatsiyasi Tetra Tech kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan USAIDning sud-huquq islohotlari dasturi ko'magida AQShning yetakchi huquq maktablariga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida o'zbek delegatsiyasi Gasting huquq maktabi, Berklidagi Kaliforniya universiteti huquq maktabi, San-Fransisko universiteti, Stendford universiteti hamda Santa-Klara universitetida bo'lib qaytdi.
Ishtirokchilar universitetlar faoliyati, jumladan yuridik klinikalar, magistratura hamda xalqaro hamkorlik bo'limlari faoliyatining tashkil etilganligi, amalga oshirilayotgan akademik loyihalar, shuningdek, zamonaviy universitet kampuslarning maydon va funktsional jihatdan tashkil etilganligi bilan tanishdilar.
Tashrif dasturi doirasida universitetlarning tegishli tarkibiy tarmoqlari rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, Berklidagi Kaliforniya universiteti huquq maktabi va Gasting huquq maktabi o'quv kampuslariga tashrif buyurildi.
Shuningdek, tashrif davomida delegatsiya Gasting huquq maktabi tomonidan Yaponiyada sud-huquq sohasi islohotlariga bag'ishlab tashkil etilgan “Yaponiyada jinoiy sudlovda jamoatchilik hamda jabrlanuvchilar ishtiroki: 10-yubiley simpoziumi” mavzusidagi simpoziumda ishtirok etdi.
AQSH huquqiy tizimi va jinoyat huquqi sohasidagi innovatsiyalar bilan tanishish maqsadida San-Fransisko okrugi prokuraturasi hamda San-Frantsisko Apellyatsiya sudida uchrashuv bo'lib o'tdi.
Tadbir yakunida klinik ta'lim sohasini kengaytirish, masofaviy o'qitish texnologiyalari hamda aralash o'qitish modullarini (Blended Learning) qo'llagan holda magistratura dasturlarini rivojlantirish, shuningdek akademik mobillik hamda qo'shma ta'lim loyihalari va dasturlarini takomillashtirish borasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.