Joriy yilning 24 oktyabrida Bosh prokuratura Akademiyasida BMTning Narkotik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi Markaziy Osiyodagi dasturlari xalqaro menedjeri Kun Markvering bilan ishchi uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Uchrashuv davomida jamoat xavfsizligi va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Jumladan, Qoraqalpog'iston Respublikasida olib borilayotgan tadbirlarning samaradorligini oshirish va ko'lamini yanada kengaytirish maqsadida 2019-2020 yillar davomida Nukus shahrida “Xavfsiz, inklyuziv va barqaror jamiyatlarda shahar xavfsizligini boshqarish” sinov loyihasini amalga oshirish bo'yicha tomonlar fikr almashishdi.
Loyiha xavfning lokal omillarini har tomonlama o'rgangan holda xavfsiz shahar va uni boshqaruv masalalarida strategik yondashuvni ishlab chiqishga yo'naltirilgan.
Loyihani amalga oshirishda ta'lim, sog'liqni saqlash, jamoat tartibini ta'minlash sohalaridagi tashkilotlar, milliy va xorijiy ekspertlar jalb qilinishi ko'zda tutilgan.
Tadbirlar rejasini va uni bajarishni monitoring qilish tartibini ishlab chiqish, xavfsiz shaharni boshqarishning baholash instrumentlari va uslubiyotini amaliyotga moslashtirish maqsadida loyiha doirasida seminarlar, trening va davra suhbatlarini o'tkazish rejalashtirilgan.