Joriy yilning 26 oktyabrida Bosh prokuratura Akademiyasi xodimlari ichki ishlar va prokuratura organlari faoliyatining samaradorligi masalalari, shu jumladan, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, unga qarshi kurashish va jamoat xavfsizligini ta'minlash borasida amaliy yordam berish uchun Qoraqalpog'iston Respublikasiga navbatdagi tashrifni amalga oshirishdi.
Tadbirlar O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi hamda O'zbekiston tibbiy-ilmiy faoliyat bilan shug'ullanuvchilar “Tabobat” Akademiyasi bilan xamkorlikda tashkil etildi.
Uchrashuv davomida o'zini o'zi boshqarish organlari va jamoat tashkilotlarini axborot texnologiyalarini keng qo'llagan holda jalb etish va ekspert-tahlil guruhlarining faoliyatini tashkillashtirish masalalari o'rganib chiqildi. Har bir tuman miqyosida alohida qonunbuzarlik va jinoyatchilik turlari hamda ularning sodir etilishi asosiy sabablari tahlil qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda fuqarolar tomonidan tibbiyot sohasi xodimlariga nisbatan g'ayriqonuniy harakatlar sodir etilishining oldini olish dolzarb masalalardan biri ekanligi ta'kidlandi. Ushbu muammoni bartaraf etish uchun nafaqat davlat organlari, balki tibbiyot xodimlarining huquqlarini himoya qilishga ixtisoslashgan jamoat tashkilotlari imkoniyatlaridan ham keng foydalanish lozimligiga e'tibor qaratildi.