Bosh prokuratura Akademiyasida BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi ko'magida “Xorijiy terrorchi-jangarilarga qarshi kurashish hamda chegaralarning xavfsizligini ta'minlash tizimini takomillashtirish maqsadida yo'lovchilar haqidagi dastlabki ma'lumotlar tizimidan (API) va yo'lovchilarni ro'yxatga olish ma'lumotlaridan (PNR), shuningdek biometrik ma'lumotlardan foydalanish” mavzusida ikki kunlik trening tashkil qilindi.
Tadbirda Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo'shinlari, Davlat bojxona qo'mitasi hamda “O'zbekiston Havo Yo'llari” Milliy aviakompaniyasi vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro ekspertlar sifatida Xalqaro migratsiya tashkiloti, Jahon bojxona tashkiloti, Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi, Xalqaro jinoyat politsiyasi tashkiloti (Interpol), BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasining terrorizmning oldini olish masalalari bo'yicha sektori, YEXHTning Bishkekdagi ofisi, BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasining AIRCOP loyihasi hamda Finlyandiya Chegara xizmati vakillari jalb qilindi.
Ishtirokchilar chegara nazorati sohasida mavjud xalqaro-huquqiy standartlar, Markaziy Osiyoda transchegaraviy hamkorlik, chegara xavfsizligini ta'minlashda xalqaro tashkilotlar dasturlari va yondashuvlari, jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida yo'lovchilar haqidagi ma'lumotlar tizimini joriy qilish va undan foydalanish bo'yicha alohida davlatlar tajribasini muhokama qilishdi.
Tadbir terrorizmga qarshi kurashish va chegara xavfsizligi sohasida mavjud zamonaviy tendentsiyalar va muammolarni muhokama qilish, bu borada bilim va ko'nikmalar bilan o'zaro almashish bo'yicha ochiq platforma shakllantirishga xizmat qildi.