Prokuratura kadrlari kasbiy ta'limi borasida tajriba almashish

Prokuratura kadrlari kasbiy ta'limi borasida tajriba almashish

2019 yil 26 noyabrda Bosh prokuratura Akademiyasida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo'jaligi va davlat xizmati akademiyasi filiali – Sibir boshqaruv instituti (RXXvaDXA SBI) bilan hamkorlik bitimini 2019–2020 yillarda amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar rejasi doirasida tashkil etilgan “Prokuror nazorati sohasida kasbiy ta'lim: Rossiya va O'zbekiston tajribasi” mavzusida vebinar bo'lib o'tdi.

Tadbirda Rossiya tomonidan RXXvaDXA SBI, Novosibirsk viloyati prokuraturasi kadrlar tarmog'i, shuningdek RXXvaDXA SBI Mintaqalararo malaka oshirish markazi rahbariyati va xodimlari ishtirok etdilar.

O'zbekiston tomonidan vebinarda Akademiya rahbariyati va professor-o'qituvchilari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida rossiyalik hamkasblar Akademiya tomonidan prokuratura organlari kadrlari malakasini oshirishni tashkil etishda qo'llaniladigan zamonaviy yondashuvlar, tinglovchilar tomonidan kasbiy bilim, malaka va kompetentsiyalarni yuqori darajada o'zlashtirilishini ta'minlaydigan, o'qitishning samarali shakl va metodlari bilan tanishtirildi.

Kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish dasturlari, Akademiya magistraturasida o'qitishni kredit-modul tizimi asosida tashkil etish, shuningdek ProAcademy idoraviy elektron platforma asosida masofaviy ta'limni amalga oshirish masalalari rossiyalik mutaxassilarda alohida qiziqish uyg'otdi.

O'z navbatida rossiyalik hamkorlar RXXvaDXA SBI amaliyotidagi davlat va munitsipal xizmatchilarini kasbiy rivojlantirishning yo'nalishlari va shakllari misolida kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash borasidagi tajribalarini taqdimot qildilar.

Shu bilan birga, Novosibirsk viloyati prokuraturasi kadrlar tarmog'i boshlig'i idoraviy ta'lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilgan holda prokuratura xodimlari malakasini oshirishning asosiy jihatlari, xususan rahbar lavozimlarga faqatgina qayta tayyorlash dasturi bo'yicha o'qigan xodimlarni tayinlash amaldagi tartibi bilan tanishtirdi.

Prokuratura xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish prokuratura organlari samarali faoliyatining muhim omili ekanligi alohida ta'kidlandi.

Tadbir konstruktiv ruhda bo'lib o'tdi, tomonlar masofaviy ta'limni yanada rivojlantirish, ta'lim sifatini monitoring qilish va baholash, innovatsion ta'lim texnologiyalarini qo'llagan holda o'quv jarayonini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.