Bosh prokuratura Akademiyasi magistratura tinglovchilarining kasbiy bilim va ko'nikmalarini takomillashtirish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlarida muntazam sayyor o'quv mashg'ulotlari tashkil etilmoqda.
Joriy yilning 28 noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi Milliy kinologiya markazida navbatdagi sayyor o'quv mashg'uloti o'tkazildi.
Mashg'ulot davomida tinglovchilarga Milliy kinologiya markazi tarixi, uning asosiy faoliyat yo'nalishlari, mintaqaviy maqomi, amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha ma'lumot berilib, Markaz faoliyatiga oid videolavha namoyish qilindi.
Shuningdek, tinglovchilar Markaz hududidagi bino va inshootlar, o'quv-imitatsiya zallari va mashg'ulot maydonlari, xizmat itlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
Markazning malakali kinologlari tomonidan xizmat itlari yordamida giyohvandlik vositalari, qurol-yarog', o'q-dori, portlovchi moddalar, valyuta qimmatliklari va tamaki mahsulotlarini qidirib topish, shuningdek, himoya-qorovul, terrorchilikka qarshi operatsiyalarda ishtirok etish yo'nalishlari bo'yicha ko'rgazmali chiqishlar amalga oshirildi.
Mazkur amaliy mashg'ulot tinglovchilarda katta taassurot qoldirib, jinoyatchilikka qarshi kurashishda xizmat itlaridan foydalanish borasida bilim va ko'nikmalar shakllantirishga xizmat qildi.