Bosh prokuratura Akademiyasi tinglovchilarining Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudidagi sayyor mashg'uloti

Bosh prokuratura Akademiyasi tinglovchilarining Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudidagi sayyor mashg'uloti

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Akademiyasi tomonidan o'qitishning amaliy xususiyati va prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog'liqlikni ta'minlash maqsadida “Iqtisodiy sudlarda ishlarni har taraflama va adolatli ko'rilishini ta'minlashda prokurorning roli” mavzusida tashkillashtirilgan malaka oshirish o'quv kursining tinglovchilari uchun joriy yilning 26 noyabrida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida sayyor mashg'ulot tashkillashtirildi.

Ushbu mashg'ulot davomida tinglovchilar birinchi instantsiya sudida konkret toifadagi iqtisodiy ishlar bo'yicha o'tkazilgan sud jarayonlarida ishtirok etdilar.

Jumladan, tinglovchilar noqonuniy qurilmalarni majburiy tartibda buzish, pudrat shartnomalaridan kelib chiqqan nizolar, majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik nizolari, mulkka egalik huquqini belgilash bilan bog'liq iqtisodiy ishlar bo'yicha o'tkazilgan sud majlislarida qatnashdilar.

Ushbu iqtisodiy ishlarning ko'rilishida sud zalida hozir bo'lgan tinglovchilar birinchi instantsiya sudida prokurorning ishtiroki, uning ko'rilgan ish doirasidagi pozitsiyasi, ishning ko'rilishi natijalari bo'yicha prokuror fikrida aks ettiriladigan masalalar, qayd etilgan toifadagi iqtisodiy ishlar bo'yicha sud amaliyoti bilan yaqindan tanishdilar.

Shuningdek, sayyor mashg'ulot davomida tinglovchilarga respublikamizda faoliyat yuritayotgan iqtisodiy sudlarning tizimi, sud amaliyotida uchrayotgan muammolar va ularning yechimi hamda sud jarayonlarini o'tkazishda videokonferentsaloqa tizimidan foydalanish imkoniyatlari xususida tushuntirishlar berildi.

Sayyor mashg'ulot yakuni bo'yicha Akademiyaning sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash kafedrasi o'qituvchilari va tinglovchilari sud-prokuror amaliyotidagi bir qator masalalar bo'yicha fikr almashdilar hamda qonun hujjatlarini to'g'ri va bir xilda qo'llash yuzasidan tegishli tushuntirishlar, tavsiyalar berildi.

 Joriy yilning 27 noyabrida Akademiyaning sud zali o'quv-imitatsiya xonasida tinglovchilar tomonidan iqtisodiy sud protsessining imitatsiyasi o'tkazildi.

Tinglovchilarning bir guruhi tomonidan namoyish etib berilgan sud imitatsiyasi jarayoni ekspert sifatida sud zalida ishtirok etayotgan boshqa guruh tinglovchilari tomonidan tahlil qilib berildi.

O'z navbatida malaka oshirish kursi barcha tinglovchilarining konkret ish doirasida protsessual va moddiy qonunchilik normalarini qo'llay olish  bo'yicha bilim va ko'nikmalari sinovdan o'tkazildi.

Imitatsiya sud jarayoni yakuni bo'yicha savol-javoblar o'tkazilib, tinglovchilarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.