Bir haftalik sayyor o'quv va amaliy mashg'ulotlar yakunlandi

Bir haftalik sayyor o'quv va amaliy mashg'ulotlar yakunlandi

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi ko'magida Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasi o'quv rejasi doirasida tinglovchilar uchun tashkil etilgan dala o'quv va amaliy mashg'ulotlar yakunlandi.

Dala sharoitida o'tkazilgan sayyor o'quv mashg'ulotlari doirasida tinglovchilar jangovor, saf va jismoniy tayyorgarlikning asoslarini o'zlashtirdilar, shu bilan birga dasturning tegishli o'quv fanlari bo'yicha dars jarayonlarini davom ettirdilar.

Xususan, haqiqiy sharoitga yaqinlashtirilgan holda tergov harakatlari imitatsiyasi amalga oshirilib, bu tajribali ustozlar rahbarligida tinglovchilarning kriminalistika sohasidagi kasbiy ko'nikmalarini mustahkamlashga imkon yaratdi.

Bundan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlari ishtirokida sohaviy faoliyatning dolzarb masalalari bo'yicha trening mashg'ulotlari o'tkazildi.

Shuningdek, tinglovchilar jangovar o'qotar qurollarning asosiy turlari, ulardan foydalanishning nazariy jihatlari bilan yaqindan tanishdilar va o'q otish mashg'ulotlarida qatnashib, yaxshi natijalarni namoyish etdilar.

Tinglovchilar o'qishdan bo'sh vaqtlarida o'zlarining bilimlarini oshirish va jismonan chiniqish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining axborot-resurs markazi va sport-sog'lomlashtirish majmuasi imkoniyatlaridan samarali foydalandilar.

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining dala o'quv maydoni bazasida o'quv mashg'ulotlarini o'tkazish bo'yicha ikki yillik tajbira talabalar o'zaro munosabatlari va jamoaviy jipslikni mustahkamlash, shuningdek ular o'rtasida tajriba almashishda o'z samarasini ko'rsatdi.