Joriy yilning 29 may kuni Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat organlari va nodavlat tashkilotlarining hamkorlik masalalari” mavzusidagi xalqaro veb-konferensiya tashkil etildi.
Tadbir Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi shafeligida va BMT Taraqqiyot dasturining texnik ko'magida o'tkazildi.
Unda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida yetakchi nodavlat tashkiloti bo'lgan – Transparency International xalqaro tashkilotining Qozog'iston, Latviya, Rossiya va Sloveniyadagi milliy bo'linmalari ekspertlari ma'ruzachi sifatida ishtirok etishdi.
Milliy ishtirokchilar sifatida “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O'zNNTMA va boshqa milliy nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo'yicha milliy markazi va boshqa davlat organlari vakillari qatnashishdi.
Xorijiy ekspertlar ishtirokchilarni korruptsiyaga qarshi kurashishdagi faoliyati bo'yicha o'z tajribasi haqida, ushbu sohadagi muammolar va yechimlar, amalga oshirilayotgan loyihalar va chora-tadbirlar haqida xabardor qilishdi.
Davlat xaridlari sohasida, davlat xizmatchilari tomonidan kasbiy odob-axloq standartlariga rioya etishda jamoat nazoratini amalga oshirish, ularning daromadlari haqidagi deklaratsiyalarni tekshirish, normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o'tkazish hamda fuqarolik sektorining halollikni va korruptsiyaga qarshi murosasizlikni olg'a surishdagi ishtiroki bilan bog'liq kabi ko'plab boshqa masalalar muhokama qilindi.
Milliy NNT vakillari bu kabi tadbirlar maydonlarining muhimligini qayd etib, kelgusidagi hamkorlik bo'yicha o'zlarining takliflarini ifoda qilishdi.