2020 yil 5 iyun kuni Bosh prokuratura Akademiyasida Akademiya boshlig'i YE.V.Kolenko hamda O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo'mondonining o'rinbosari S.D.Mamayusupov, Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti boshlig'i M.X.Rustambaev va Milliy gvardiyaning Ixtisoslashtirilgan o'quv markazi boshlig'i X.V.Dadabaev o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi.
Mazkur uchrashuv huquqni muhofaza qilish organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.
Ishtirokchilar Akademiyaning ilg'or ta'lim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, amaliyotga yo'naltirilgan kompetentsiyaviy yondashuv, interaktiv va muammoli metodlar asosida o'quv jarayonini tashkil etish borasidagi tajribasi bilan tanishdilar.
Akademiyaning o'z elektron platformasi negizida faoliyat yuritayotgan va koronavirus pandemiyasi sharoitida alohida dolzarblik kasb etgan elektron (masofaviy) ta'limni tizimli joriy etish imkonini bergan «ProAcademy» axborot-ta'lim portali mehmonlarda qiziqish uyg'otdi.
Tomonlar shuningdek Akademiya va Institutning sud va huquqni muhofaza qilish sohalarida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va natijalarini amaliyotga tadbiq etishni ta'minlashga yo'naltirilgan Ilmiy-tadqiqot konsortsiumi doirasida amalga oshirayotgan hamkorligi masalalarini muhokama qilishdi.
Bo'lib o'tgan uchrashuv zamonaviy standartlar va talablarga javob beradigan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini tayyorlash sohasida Akademiya va Institut o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.