Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda “Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta'lim tashkilotlarini attestatsiyadan o'tkazish: talab va shartlar” mavzusida vebinar bo'lib o'tdi.
Mazkur vebinar kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta'lim tashkilotlarini attestatsiyadan o'tkazishda muhim bo'lgan omil va mezonlarni muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.
Vebinarda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi bo'lim boshlig'i B.F.Nazarov qatnashib, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 470-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat ta'lim muassasalari hamda nodavlat ta'lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o'tkazish tartibi to'g'risida”gi nizom talablari bilan ishtirokchilarni tanishtirib o'tdi.
Jumladan, ta'lim mussasalari tomonidan kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash jarayonini sifatli va davlat ta'lim standartlari darajasida tashkil etishning
dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi ta'lim tashkilotlarini akkreditatsiyadan o'tkazishning o'ziga xos jihatlariga ham to'xtalib o'tildi.
Tadbirda ta'lim muassasalarini attestatsiyadan o'tkazish uchun ularni ichki va tashqi baholash, jumladan Akademiyada ta'lim jarayoni hamda professor-o'qituvchilar faoliyatini davlat ta'lim standartlari talablariga mos ravishda tashkil etishning asosiy talablari haqida batafsil tushuntirish berildi.
O'tkazilgan tadbir Akademiyaning o'quv-ilmiy faoliyati sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.