Ikkinchi yarim yillikka yangi rejalar bilan

Ikkinchi yarim yillikka yangi rejalar bilan

2020 yilning 30 iyun kuni Bosh prokuratura Akademiyasi Kengashining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Yig'ilishda Akademiyaning 2020 yil ikkinchi yarmi uchun mo'ljallangan ish rejasi loyihasi muhokama qilindi. Unda Akademiya faoliyatining samaradorligini oshirish va takomillashtirish, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo'llagan holda prokuratura xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, prokuratura organlari faoliyatini ilmiy-metodik jihatdan ta'minlashga qaratilgan o'quv-uslubiy va ilmiy-amaliy tadbirlar hamda ta'lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa tashkilotlar bilan samarali idoralararo va xalqaro hamkorlikni amalga oshirish masalalari nazarda tutildi.

Kengash tomonidan Akademiya doktorant va mustaqil izlanuvchilarining ilmiy-tadqiqot faoliyatining monitoringi natijalari haqidagi masala ko'rib chiqildi hamda ilmiy salohiyatni kuchaytirish yo'lida tegishli talabgorlar ilmiy unvonga tavsiya etildi.

Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasida yakuniy davlat attestatsiya sinovlarini tashkil etish masalasi, huquqni qo'llash amaliyoti va qonunchilik muammolarini o'rganish bo'yicha laboratoriya faoliyati to'g'risida nizom muhokama qilindi.

Shuningdek, Akademiya professor-o'qituvchilari tomonidan tayyorlangan nashrlar muhokama qilinib, kun tartibidagi masalalar bo'yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.