Bosh prokuratura Akademiyasining professor-o'qituvchilari O'zbekiston Advokatlar Palatasi hamda “Mintaqaviy muloqot” XNNTning O'zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda joriy yilning 16 iyul kuni onlayn rejimda o'tkazilgan “Odil sudlov va yuridik yordam: xalqaro standartlar, milliy va xorijiy tajriba” mavzusidagi xalqaro ilmiy seminarda ishtirok etdilar.
Tadbirda shuningdek O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xodimlari, O'zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi vakillari, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining sud`yalari, xalqaro ekspertlar – AQShning Minnesota okrugi bo'yicha Bosh federal sud`yasi Djon Tanxaym, Germaniya davlati Federal advokatlar kollegiyasining xalqaro huquqiy hamkorlik bo'yicha direktori Veronika Xorrer, AQSH Vashington shahrining Davlat himoyachilari xizmati sud bo'limining boshlig'i Devid Nayt, AQSH Boston shahrining jamoat himoyachilari bo'limi Bosh yuristkonsulti o'rinbosari Rendi Goya, Sloveniyalik ekspert Goran Klemenchichlar qatnashdilar.
Tadbirda 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning alohida yo'nalishlaridan biri bo'lgan advokatura institutini takomillashtirish, jinoiy, ma'muriy, fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishda yuridik yordam ko'rsatish masalalari hamda bu boradagi milliy va horijiy davlatlar tajribasi muhokama etildi.
Ishtirokchilar diqqatiga milliy qonunchilikning odil sudlov jarayonida advokatlar ishtirokiga oid normalarining tahlili keltirildi.
O'z navbatida xorijiy ekspertlar Germaniya, Sloveniya, AQSH davlatlarining odil sudlov jarayonida advokatlarning ishtiroki xususida horijiy qonunchilik normalari va shakllangan tajriba xususida ma'lumot berib o'tdilar.
Tadbir davomida ishtirokchilarning diqqatiga taqdim etilgan ma'ruzalar bo'yicha qizg'in munozaralar bo'lib o'tdi.