Bosh prokuratura Akademiyasida joriy yilning 29 iyul kuni O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda onlayn davra suxbati bo'lib o'tdi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Bosh prokuratura Akademiyasining rahbariyati, malakali mutaxassis-ekspertlari o'zlarining ma'ruzalari bilan qatnashdilar.
Amaliyotda mavjud muammolar, yuzaga kelayotgan dolzarb masalalar tahlilidan kelib chiqqan holda, ishtirokchilarning asosiy e'tibori xususiy sektorda korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha xorijiy davlatlar tajribasi, tadbirkorlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar profilaktikasi va korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari hamda sohada amalga oshirilishi lozim bo'lgan kelgusidagi vazifalar muhokamasiga qaratildi.
Ishtirokchilarning fikriga ko'ra, xususiy sektorda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, nodavlat notijorat tashkilotlar va tadbirkorlar o'rtasida samarali hamkorlikni yanada mustahkamlash, hamkorlik yo'nalishlarini kengaytirish muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Davra suhbati yakuniga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Bosh prokuratura Akademiyasi o'rtasida o'zaro hamkorlik Memorandumi hamda chora-tadbirlar rejasi imzolandi.