Bosh prokuratura Akademiyasida 2020 yil 11 noyabr kuni videokonferensaloqa rejimida prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash kursiga qabul qilish bo'yicha tanlovning yakuniy bosqichi nihoyasiga yetdi.
Masofaviy ta'lim hamda oraliq nazoratdan iborat bo'lgan oldingi bosqichlarni muvaffaqiyatli yakunlagan 50 nafar nomzod yakuniy bosqichga o'tdi.
Bosh prokuror buyrug'iga asosan tashkil etilgan, Bosh prokuror o'rinbosari E.T.Yuldashev raisligida Akademiya hamda Bosh prokuraturaning tegishli tarmoqlari rahbarlaridan iborat maxsus komissiya tomonidan nomzodlar tayyorlagan taqdimot ishlari (tahliliy ish, normativ-huquqiy hujjat loyihasi, amaliy qo'llanma) ko'rib chiqilgan.
Nomzodlarning taqdimot ishlariga qo'yilgan asosiy talab ular faoliyat yuritayotgan sohada mavjud qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyoti muammolarini o'rganish va tahlil qilish, shuningdek ularni bartaraf etishga doir aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishdan iborat. Shu tariqa ta'lim jarayonining prokuratura organlari xodimlari amaliy faoliyati bilan uzviy bog'liqligi ta'minlanib, bu o'z navbatida qayta tayyorlash dasturlari samaradorligini belgilab beruvchi asosiy omillardan biri sifatida xizmat qiladi.