2020 yil 19 noyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasida “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Bosh prokuratura Akademiyasi o'rtasida hamkorlik to'g'risidagi memorandum imzolanishiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi.
Memorandumni imzolash marosimida Akademiya boshlig'i YE.V.Kolenko hamda “Yuksalish” umummiliy harakati raisi B.Bekmurodov ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida tomonlar o'zaro manfaatli hamkorlik yo'nalishlarini muhokama qildilar hamda davlat va jamiyatning barqaror rivojlanishiga ko'maklashishga yo'naltirilgan o'zaro manfaatli va samarali hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Tomonlar ilmiy va tahliliy sohalarda akademik hamjamiyat va fuqarolik jamiyati institutlarining say-harakatlarini birlashtirish hayotning barcha jabhalarida izchil islohotlarni chuqurlashtirish, ochiq demokratik jamiyatni shakllantirish va qonun ustuvorligini ta'minlash bo'yicha ishonchli va samarali tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi, degan fikrni yakdillik bilan ta'kidladilar.
Tomonlarning ekspert salohiyatini birlashtirish manfaatdor tomonlarning ochiq muloqoti va hamkorligi platformasini kengaytirishga, jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini joriy etishga, jamoat xavfsizligini ta'minlash, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish hamda jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurash choralari samaradorligini oshirishga ko'maklashadi.
Imzolangan Memorandum o'zaro hamkorlikning asosiy yo'nalishlarini belgilab, hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.