Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro konferentsiya bo'lib o'tdi

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro konferentsiya bo'lib o'tdi

2020 yil 27 noyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan «Yuksalish» umummilliy harakati, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi bilan hamkorlikda, O'zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi, “Mintaqaviy muloqot” XNNT ko'magida “Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amaliy tadqiqotlar o'tkazish: akademik hamjamiyat va nodavlat tashkilotlarining hamkorlik masalalari” mavzusida xalqaro konferentsiya o'tkazildi.

Konferensiyadan ko'zlangan maqsad korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida akademik doiralar va nodavlat tashkilotlar hamkorligini kengaytirish, shuningdek mazkur sohada jamoatchilik 
nazoratini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdan iborat.

Tadbirda BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi, Hertie boshqaruv maktabi (Germaniya), Kembridj universiteti (Buyuk Britaniya) ekspertlari, “Transparency International” xalqaro nodavlat tashkiloti vakillari, mahalliy akademik doiralar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etishdi.

Xalqaro konferensiyada ishtirokchilar korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki, davlat xaridlarini amalga oshirishda korrupsiya holatlarini aniqlash, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, byudjet mablag'larining maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni amalga oshirish, davlat xizmatchilarining aktivlari, daromadlari va katta xarajatlari to'g'risidagi deklaratsiyalarining muvofiqligini tekshirish, davlat organlarining faoliyati to'g'risidagi ma'lumotlarning jamoatchilikka yetkazilishini ta'minlash borasida tajriba almashdilar.

Faol muhokamalar jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari va akademik hamjamiyat o'rtasida korruptsiyaga qarshi kurashish, turli sohalarda mavjud holatni tahlil qilish, sotsiologik tadqiqotlar o'tkazish, korruptsiya xavflarini aniqlash, tadqiqotchi mutaxassislar tayyorlash tizimini rivojlantirish bo'yicha takliflar ilgari surildi.

Xalqaro konferensiya yakunlari bo'yicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqilib, konferensiya materiallarini nashr etish rejalashtirildi.