ILMIY SALOHIYATNI OSHIRISH YO'LIDA

ILMIY SALOHIYATNI OSHIRISH YO'LIDA

Akademiya professor-o'qituvchilari va xodimlarining ilmiy salohiyatini bosqichma-bosqich oshirib borish Akademiyaning dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

2020 yil 28 noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashning navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi, unda Akademiya katta o'qituvchisi A.Komilovning “12.00.07 – Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura” ixtisosligi bo'yicha “Tadbirkorlarni huquqiy himoya qilishga qaratilgan qonunlar ijrosi ustidan prokuror nazoratining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish” mavzusidagi yuridik fanlar bo'yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan dissertatsiyasining himoyasi bo'lib o'tdi.

Tadqiqot natijasida ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflardan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF–6041-sonli Farmoni, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining uslubiy hujjatlarini ishlab chiqish hamda “Biznes Sarbon” elektron axborot tizimini yaratishda (03.06.2020 yildagi № DGU 08315-sonli mualliflik guvohnomasi) foydalanilganligi alohida diqqatga sazovordir.

Ilmiy kengash a'zolari bir ovozdan talabgorning yuridik fanlar bo'yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olishiga ovoz berdilar.

Akademiya jamoasi A.Komilovni dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilganligi bilan tabriklaydi va kelgusidagi ilmiy va kasbiy faoliyatida ulkan zafarlar tilaydi!