Bosh prokuratura Akademiyasi G'arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha idoralararo tarmog'i (ARIN-WCA) Kotibiyati vazifasini amalga oshirishi doirasida BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda 2020 yilning 14-16 dekabr kunlari mazkur tarmoq a'zo davlatlar aloqa vakillari uchun “Aktivlarga benefitsiar egalik qilish” mavzusida bazaviy o'quv treningi tashkillashtirdi.
Mazkur trening onlayn shaklda, tarmoqqa a'zo hamda kuzatuvchi bo'lgan – Afg'oniston, Ozarbayjon, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston va Eron davlatlarining 20 dan ortiq vakillari ishtirokida o'tkazildi.
Buyuk Britaniya hamda Gernsi davlatlaridan bo'lgan xorijiy ekspertlar trening ishtirokchilariga aktivlarga benefitsiar egalik qilish asoslari, mulklarning haqiqiy egalarini yashirishning zamonaviy tendentsiyalari va yondashuvlari, shuningdek aktivlarni qaytarish va aybdorlarni javobgarlikka tortish maqsadida benefitsiar mulkdorlarni aniqlash mexanizmlari yuzasidan o'z taqdimotlarini amalga oshirishdi.
Trening davomida virtual guruhlarda amaliy mashg'ulotlarni va vazifalarni bajarish amaliyoti qo'llanilganligi ishtirokchilarga ushbu sohada tajriba almashish imkoniyatini yaratdi hamda mazkur kursning natijadorligini oshirishga xizmat qildi.
O'quv treningi yakuni bo'yicha ishtirokchilar elektron sertifiktlar bilan taqdirlandilar. O'quv treningining keyingi bosqichida ushbu mavzuda mukammal o'quv kursini ishlab chiqish va o'tkazish rejalashtirilgan.