“Toshkent yoshlar forumi – 2020”da ishtirok etildi

“Toshkent yoshlar forumi – 2020”da ishtirok etildi

Shu yilning 18-19 dekabr kunlari Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasi tinglovchilari Toshkent shahridagi “Congress Hall” binosida bo'lib o'tgan yoshlar forumida ishtirok etdilar.

Forum yosh avlodning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirish, ilmiy va ijodiy hamkorlik muhitini yaratish, islohotlarning amalga oshirilishiga ishonch va yangi marralarni zabt etish uchun ilhom berish maqsadida tashkil etildi.

Forumning boy dasturiga “Huquqiy Toshkent – 2030”, “Moliya sektori va poytaxtning zamonaviy qiyofasi – 2030”, “Raqamli Toshkent – 2030” va boshqa tadbirlar kiritilgan.

Forumning birinchi kunida Akademiya tinglovchilari “Huquqiy Toshkent – 2030” seminarida qatnashib, unda – adliya vaziri R.Davletov va Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanovlar ma'ruza qildilar. Tadbir interaktiv usulda olib borilib, tinglovchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Forumning ikkinchi kunida tinglovchilar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o'rinbosari O.Xasanovning davlat xizmatini rivojlantirishga bag'ishlangan seminarida, shuningdek O'zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori o'rinbosari X.Xudoyberdievning blogerlar bilan ochiq muloqot seminarida ishtirok etish imkoniga ega bo'ldilar.

Akademiya tinglovchilari kelgusidagi yoshlarning faol ishtirokini talab qiladigan loyihalar to'g'risida ularning umumiy xabardorligini oshirish, yoshlar o'rtasida amaliy ko'nikma va malakalarni rivojlantirish, o'zaro ishonchni oshirish, tashabbuskorlik va g'ayratni shakllantirish uchun bunday tadbirlarni o'tkazish muhimligini ta'kidladilar.