Bosh prokuratura Akademiyasi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi loyihalar koordinatori, BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo'linmasi bilan hamkorlikda “Istambul protokoliga muvofiq qiynoqlar va boshqa shafqatsiz munosabatlarni samarali tergov qilish va hujjatlashtirish” mavzusida xalqaro onlayn trening bo'lib o'tdi.
Uch kun davom etgan mazkur xalqaro treningda Bosh prokuratura va Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari, Bosh prokuratura Akademiyasi professor-o'qituvchilari, advokatlar hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Treningda “Dignity” nomli Daniyaning qiynoqlarga qarshi instituti hamda BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo'linmasi ekspertlari tomonidan ma'ruzalar o'tildi.
Xalqaro ekspertlar tadbir ishtirokchilari bilan Istambul protokoli mazmuni, tarixi, sud-tibbiy hujjatlashtirish, qiynoqlarning jismoniy oqibatlari, jabrlanuvchini so'roq qilish tartibi, qiynoqdan jabrlanganlarni reabilitatsiya qilish printsiplari asoslari bo'yicha o'z tajribalari haqida ma'lumot berdilar.
Ishtirokchilar xalqaro huquqda qiynoqlarning taqiqlanishiga oid qonunchilik hamda ushbu yo'nalishdagi xalqaro standartlarni implementatsiya qilinishi borasida fikr almashdilar.
Bunday tadbirlarni muntazam o'tkazilishi xodimlarning inson huquqlarini himoya qilishga oid xalqaro standartlar hamda xorijiy mamlakatlarning ijobiy tajribasi bo'yicha bilim va kasbiy malakasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ishtirokchilar tomonidan alohida qayd etildi.