Akademiya ilmiy salohiyatini yuksaltirish

Akademiya ilmiy salohiyatini yuksaltirish

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi bo'lim katta prokurori A.Odinaevning “12.00.03 Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq” ixtisosligi bo'yicha “Majburiyat huquqi sohasida neustoyka qo'llashni tartibga solish” mavzusidagi yuridik fanlar bo'yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasi himoyasi bo'lib o'tdi.

A.Odinaev tomonidan fuqarolik huquqi instituti sifatida neustoykaning yuridik ta'rifi, majburiyatlar ijrosini ta'minlash va fuqarolik-huquqiy javobgarlikda neustoykaning o'rni va roli, majburiyat-huquqiy munosabatlarda neustoyka qo'llashni takomillashtirish masalalarini tahlil qilish natijasida majburiyat huquqi sohasida neustoyka qo'llashni tartibga solish va neustoyka institutining huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan taklif, tavsiya va xulosalar ishlab chiqildi.

Ilmiy Kengash ishtirokchilari tomonidan mazkur ilmiy ish bir ovozdan ijobiy deb baholanib, yuridik fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasiga hujjatlarni taqdim etish yuzasidan qaror qabul qilindi.

Akademiya jamoasi A.Odinaevni dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilganligi bilan tabriklaydi va kelgusidagi ilmiy va kasbiy faoliyatida ulkan zafarlar tilaydi.