Akademiyada prokuratura organlari faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash faoliyatini amalga oshirish doirasida 2021 yil 23 va 24 fevral kunlari yuridik fanlar ixtisosliklari hamda mustaqil izlanuvchilikka qabul qilish bo‘yicha navbatdagi tanlovning yakuniy bosqichi – talabgorlar bilan suhbat o‘tkazildi.
Mustaqil izlanuvchilikka navbatdagi qabul talabgorlarining sezilarli darajada oshganligi bilan farqlandi. Shuningdek, 21 nafar talabgordan 18 nafari prokuror-tergov sohasi xodimlari ekanligi prokuratura organlari ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qilishi barobarida mazkur yo‘nalishdagi faoliyatning samaradorligidan dalolat beradi – bugungi kunda Akademiyada yuridik fanning barcha ixtisosliklari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish imkoniyati mavjud.
Qabul jarayoni Bosh prokuratura Akademiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Yuristlar malakasini oshirish markazi, Milliy gvardiya Harbiy-texnik institutining yetakchi huquqshunos olimlari ishtirokida o'tkazildi.
Saralash hududlardagi talabgorlar uchun onlayn va poytaxtdagilar uchun oflayn rejimda o‘tkazildi.
Qabul ikki bosqichdan iborat bo‘lib, unda talabgorlarning ilmiy tadqiqot olib borish ko‘nikmalari aniqlandi va tanlangan mavzularining dolzarbligi baholandi.
Mustaqil izlanuvchilikka qabul qilish yuzasidan navbatdagi tanlov yakuni bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.