2021 yil 10 mart kuni Bosh prokuratura Akademiyasida “Dissertatsiya ishi rejasini tayyorlash va unga qo‘yilgan talablar” mavzusida ilmiy seminar o‘tkazildi.
Seminarda Bosh prokuratura Akademiyasi va Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining doktorantlari, mustaqil izlanuvchilari va magistratura tinglovchilari ishtirok etdi. Seminarda Akademiya boshlig‘i o‘rinbosari, yu.f.d., prof. M.Mamasiddiqov va Akademiya professori E.Xojiev ma'ruza qildi.
Ilmiy seminar ochiq muloqot va savol-javob tarzida olib borildi. Akademiya va Sudyalar oliy maktabining doktorant va mustaqil izlanuvchilari tomonidan dissertatsiya ishining tarkibiy qismlariga, dissertatsiyada foydalaniladigan statistik va boshqa ma'lumotlarga hamda xorijiy jurnallarda chop etiladigan maqolalarga qo‘yiladigan talablar, dissertatsiyalar ilmiy natijalarining amaliyotga joriy etilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni olish tartibi to‘g‘risida savollar berildi.
Akademiya professor o‘qituvchilari tomonidan dissertatsiya rejasini ilmiy tadqiqotning vazifalaridan kelib chiqqan holda shakllantirish lozimligi, dissertatsiyada foydalaniladigan statistik va boshqa ma'lumotlar aniq manbalardan olingan bo‘lishi va dissertatsiya natijalarini asoslash maqsadini nazarda tutishi, yuridik fanlar bo‘yicha xorijiy mamlakatlar ilmiy jurnallari impakt-faktorining darajasi OAK Rayosati qarori bilan belgilanishi, respublika, iqtisodiyot tarmoqlari va hudud darajasidagi davlat maqsadli dasturida yoki normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va tayyorlashda foydalanilgan takliflar ilmiy natijalarining amaliyotga joriy etilganligini tasdiqlashi haqida batafsil ma'lumotlar berildi.
Tadbir bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi. Ishtirokchilar bu kabi tadbirlarning ilmiy tadqiqot faoliyatini rivojlantirishdagi amaliy ahamiyati va samarasini ta'kidlab, navbatdagi ilmiy seminarlarda hamkor idoralar va ta'lim muassasalarining tadqiqotchilari ishtirokida olib borilishini qo'llab quvvatladilar.