Bosh prokuratura Akademiyasida pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlarning ichki nazorat xizmati xodimlari ishtirokida “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishni tashkil etish” mavzusida masofaviy malaka oshirish kursi tashkil etildi.
Malaka oshirish kursida auditorlik tashkilotlarining mas'ul xodimlari, respublika fond va tovar-xomashyo birjalarining a'zolari hamda pochta aloqasi operatorlari va provayderlari ishtirok etmoqda.
Kurs dasturidan O‘zbekiston Respublikasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar va terrorizmni moliyalashtirish xavflarini sektorlar va milliy darajada baholashni o‘tkazish masalalari, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizim faoliyati xususiyatlariga oid mashg‘ulotlar o‘rin olgan.
Mazkur malaka oshirish kursi tinglovchilarda ichki nazorat xizmati tizimini tashkil etish, xavflar darajasini baholash va aniqlash, shuningdek maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilinishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni aniqlashga oid amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan.