Bosh prokuratura Akademiyasida hududiy prokuratura va ichki ishlar organlari tergovchilari ishtirokida “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni (kiberjinoyatlarni) tergov qilish masalalari” mavzusida malaka oshirish kursi tashkil etildi.
O‘quv kursining birinchi kunida Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.B.Valiev ishtirokida o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarda joriy yilning 12 fevral kuni o‘tkazilgan IIV hay'atining kengaytirilgan yig‘ilishida Davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda tergov faoliyatini takomillashtirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Kiberjinoyatchilik ko‘rsatkichlarining dunyoda va respublikamizda o‘sib borish tendentsiyasiga e'tibor qaratgan holda, B.B.Valiev tergov faoliyatining, shu jumladan kiberjinoyatlarni tergov qilishning sifati va samaradorligini tubdan takomillashtirish, inson huquqlariga so‘zsiz rioya qilish, adolat va qonuniylikni qaror toptirishga har tomonlama ko‘maklashish kabi tergov organlari oldida turgan ustuvor vazifalarni ta'kidlab o‘tdi.
Tergov amaliyotidan keltirilgan aniq misollar asosida tinglovchilarga tergov harakatlarini amalga oshirishda to‘g‘ri muloqotni shakllantirish, jinoiy-huquqiy vaziyatni tez va to‘g‘ri baholash hamda jinoyatlarni kvalifikatsiya qilish ko‘nikmalarini qo‘llash masalalari tushuntirib berildi.
Tinglovchilar tomonidan muhokama qilingan mavzuning dolzarbligi hamda sohaning o‘ziga xosligini inobatga olgan holda doimiy malaka oshirish lozimligi ta'kidlandi.
O‘quv kursi doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yetakchi milliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi nazarda tutilgan.