Akademiya magistraturasi tinglovchilari Kioto Kongressi yoshlar forumida ishtirok etdilar

Akademiya magistraturasi tinglovchilari Kioto Kongressi yoshlar forumida ishtirok etdilar

Tobora kengaytirib borilayotgan xalqaro hamkorlik doirasida Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasi tinglovchilari BMTning jinoyatchilikning oldini olish dasturi doirasida o‘tkazilgan Kioto Kongressi Yoshlar Forumida onlayn tarzda muvaffaqqiyatli ishtirok etdilar.

Forum uch yo‘nalishda – jinoyatchilikning oldini olishda yoshlar ishtiroki, qonunga itoatkorlik madaniyatini shakllantirishda yoshlar tarbiyasi hamda xavfsiz axborot jamiyatini taminlashda yoshlarning o‘rni mavzulari bo‘yicha sessiyalar shaklida o‘tkazildi.

Akademiya tinglovchilari dunyoning turli mamlakatlaridan qatnashgan 150 nafardan ortiq yoshlar qatorida jinoyatchilikning oldini olishda yoshlar ishtiroki sessiyasida qizg‘in muhokamalarda faol ishtirok etdilar.

Xususan, sessiya davomida jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklarning profilaktikasi borasida yoshlarning roliga oid turli davlatlar tajribasi bilan yaqindan tanishib, bu borada o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdilar.

Forum yakuni bo‘yicha yalpi majlis tomonidan umumlashtirilgan tavsiya va xulosalar qabul qilindi.

Akademiya magistraturasi tinglovchilarining ushbu tadbirdagi ishtiroki dolzarb mavzu bo‘yicha dunyoning turli mamlakatlaridan qatnashgan tengqurlari bilan fikr almashish, ilg‘or davlatlarning qonunchiligi va tajribasi hamda xalqaro standartlar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Forum yakunida magistratura tinglovchilari Yaponiya Adliya vazirining tegishli sertifikatlari bilan taqdirlandilar.