Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan hamkor ilmiy-metodik va ta'lim muassasalar vakillari – malakali ekspertlarni jalb qilgan holda professor-o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Akademiyaning elektron ta'lim bo‘limi katta prokurori, p.f.f.d. A.Ibraymov tomonidan A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti kafedra dotsenti, p.f.f.d. D.Xidoyatova bilan hamkorlikda bir qator tadbirlar tashkil etilib, ular Akademiyada 2018 yildan boshlab joriy etilgan elektron (masofaviy) ta'limning sifati va samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan.
Jumladan, “Masofaviy va aralash malaka oshirish kurslarida pedagogik dizayn modellari” mavzusida interaktiv tarzda tashkil etilgan trening davomida pedagogik dizaynning o‘ziga xos xususiyatlari, masofaviy va aralash malaka oshirish kurslarida pedagogik dizaynning ADDIE (Analysis, Design, Development, Implementation, Evaluation) modelini amaliyotda qo‘llashning samaradorligi atroflicha muhokama qilindi.
“Masofaviy va aralash o‘quv kurslarida tyutorlik faoliyatini tashkil etish asoslari” mavzusida navbatdagi tadbir vebinar shaklida o‘tkazilib, tyutorlar faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi asosiy masalalarni qamrab oldi. Xususan, tyutor funktsiyalari, o‘qituvchi va tyutor orasidagi farqlar, tyutor faoliyatini tashkil etish tamoyillari, shuningdek mazkur sohadagi xalqaro va milliy tajriba ko‘rib chiqildi.
O‘tkazilgan tadbirlar o‘quv jarayoniga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda masofaviy va aralash malaka oshirish kurslari sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.