Bosh prokuratura Akademiyasi hamda yetakchi xorijiy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik tobora kengayib va mustahkamlanib bormoqda.
Ushbu faoliyat doirasida Akademiya Shvetsiyaning Lund universiteti bilan birgalikda magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qitish samaradorligini oshirish va magistratura tinglovchilari almashinuvini tashkil etish maqsadida o‘zaro tajriba almashishga qaratilgan Erasmus+ xalqaro kredit mobillik dasturini amalga oshirmoqda.
Shunga ko‘ra, joriy o‘quv yilida Akademiyaning ikki nafar magistratura tinglovchisi Lund universitetining huquq sotsiologiyasi departamentida ikkinchi semestr dasturi doirasida tahsil olmoqda.
Magistratura dasturini o‘tash bilan bir qatorda, Akademiya tinglovchilari magistrlik dissertatsiyalari bo‘yicha tadqiqot ishlari doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida Yevropaning eng rivojlangan mamlakatlari tajribalarini o‘rganmoqdalar, shuningdek dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan bo‘lgan talabalar va tadqiqotchilar bilan fikr almashmoqdalar.
Bundan tashqari, Akademiya Lund universiteti tomonidan muvofiqlashtirilayotgan Yevropa Komissiyasining “Central Asian Law: Legal Cultures and Business Environments in Central Asia” loyihasiga jalb etilgan bo‘lib, ushbu konsorsiumga Syurix universiteti, Pragadagi Karlov universiteti, Rigadagi huquq oliy maktabi, Marmara Universiteti, Latviya universiteti va boshqa ta'lim muassasalari kiradi.
Loyiha doirasida Akademiyaning ikki nafar xodimi loyihaga jalb qilingan boshqa olimlar qatori hozirgi kunda universitet professor-o‘qituvchilari rahbarligida Lund universitetida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar.
Ushbu xalqaro hamkorlik amaliyoti Akademiyaning o‘quv va ilmiy-tadqiqot faoliyatiga innovatsion texnologiyalar va usullarni joriy etishga samarali xizmat qiladi.